Ish vaqti: Dushanba - Juma (9:00 - 18:00) +998 (78) 888-08-00

Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti tomonidan Michigan davlat universitetining qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi uchun ta’lim grantlari dasturi

825

Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti Michigan davlat universiteti (AQSh) bilan tuzilgan Xalqaro kelishuvga asosan Michigan davlat universiteti Qishloq xo‘jaligi va tabiiy resurslar kollejining quyidagi ta‘lim bosqichlarida o‘qish uchun grantlar dasturini e’lon qiladi:

Sertifikat beruvchi dasturlar, ta’lim muddati – 1-2 yil (Batafsil ma’lumot uchun: https://www.canr.msu.edu/iat/apply/).

Bakalavr, ta’lim muddati – 4 yil;
Magistratura, ta’lim muddati – 2 yil;
Doktorantura (PhD), ta’lim muddati – 3 yil;
Doktoranturadan keyingi ta’lim (Postdoctoral).

Ma’lumot uchun Michigan davlat universiteti Times Higher Education ning 2022 yil uchun tuzilgan Dunyo universitetlari reytingida nufuzli 93-o‘rinda qayd etilgan.

Nomzodlarga qo‘yiladigan dastlabki talablar:
1) Michigan Davlat Universitetidan o‘qish uchun shartsiz taklif (unconditional offer) olish;
2) O‘qishni tamomlagach Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti bilan tuzilgan shartnomaga asosan, Universitet tavsiya etgan tashkilotda muayyan muddat ishlash majburiyatini olish;
3) Tanlov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish.
Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlar bevosita Amerika Qo‘shma Shtatlariga borib Michigan davlat universitetida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

O‘qish bilan bog’liq quyidagi xarajatlar grant hisobidan to‘liq qoplanadi:

  • shartnoma to‘lovi;
  • yotoqxona xarajatlari;
  • bir martalik safar xarajatlari;
  • viza xarajatlari.

Shartsiz taklif (unconditional offer) Universitetning msugrant@udea.uz elektron pochtasi orqali qabul qilinadi.

Batafsil ma’lumot uchun biz bilan bog’laning: +998 78 8880800