
2025-yil 17-mart kuni Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida “Milliy qadriyatlar festivali” o‘tkazildi. Festivalning asosiy maqsadi yoshlarni milliy qadriyat va urf-odatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni ommaviy madaniyat ta’siridan himoyalashga qaratilga bo‘lib, festival doirasida “Milliy qadriyatlarning eng yaxshi targ‘ibotchisi” tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda talabalar milliy libos, milliy raqs, milliy taom, milliy sport va milliy qo‘shiq yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Shuningdek, turli ma’naviy-ma’rifiy chiqishlar, milliy taomlar tayyorlash musobaqasi, arqon tortish, arqonda sakrash kabi sport o‘yinlari tashkil qilindi.
Festivalga o‘zbekona latofat va milliy kuy-qo‘shiqlar yanada ko‘rk bag‘ishladi. Yaktak va do‘ppi kiygan shijoatli yigitlar, atlas-u adras libosdagi qizlarning beg‘ubor kulgusi tadbirga alohida fayz kiritdi. Festival yakunida g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.