
17-18-mart kunlari Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetida bahorning eng fayzli va qadimiy bayrami – Navro‘z katta shodu xurramlik bilan nishonlandi. Tadbir milliy qadriyat va an’analarimizni ulug‘lash, yoshlarga ma’naviy merosimizni yetkazish hamda birdamlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Bayram davomida milliy sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Talabalar va ustozlar o‘rtasida kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish va boshqa milliy o‘yinlar tashkil etildi. Ushbu sport tadbirlari yoshlarning jismoniy chiniqishi va milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini oshirishga xizmat qildi.
Shuningdek, talabalar tomonidan Navro‘zga bag‘ishlangan sahna chiqishlari, kuy-qo‘shiqlar va milliy raqslar ijro etildi. Bayramona muhitda talantli yoshlar o‘z ijodiy chiqishlari bilan barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Kechga esa universitetda iftorlik dasturxoni yozildi. Talabalar va universitet xodimlari bir dasturxon atrofida yig‘ilib, Ramazon oyining ezgulik va hamjihatlik ruhini his qilishdi. Bu holat Navro‘zning mehr-oqibat va birdamlik ramzi ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Bayram davomida ustozlar va mehmonlar yoshlarga ezgu tilaklarini bildirib, Navro‘zning tinchlik, do‘stlik va farovonlik timsoli ekanini ta’kidladilar. Tadbir barchaga ko‘tarinki kayfiyat, iliqlik va unutilmas taassurotlar ulashdi.
Navro‘z – yangilanish, mehr-muruvvat va birdamlik bayrami. Qadriyatlarimiz boqiy, Navro‘z esa abadiy bo‘lsin!