UDEA University Logo

Rektor murojaati

Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti rektori iqtisodiyot fanlari doktori, professor Abduraupov Rustam Ramzovichning MUROJAATI

Biz davlat va xususiy tuzulmalarning eng muhim boyliklari qatorida inson kapitali, axborot resurslari va bilimlar birinchi o‘ringa qo‘yiladigan jadal rivojlanish davrida yashamoqdamiz. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayotning barcha sohalarida keng ko‘lamli chuqur islohotlar amalga oshirilib, asosiy e’tibor ta’lim tizimini, shu jumladan oliy ta’lim tizimini tubdan yangilashga qaratilmoqda.

Keyingi yillarda mehnat bozorida ko‘plab kasblar bo‘yicha talab dinamikasida bir qancha o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bunga asosan yildan yilga kuchayib borayotgan globallashuv, axborot texnologiyalarining rivojlanishi va integratsiya jarayonlari sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, yoshlarning kelajakdagi kasbni tanlashlarida yoki hozirgi kasbini o‘zgartirishda yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Qaysi universitetga topshirish qarorini esa yoshlar o‘zlari anglagan holda, uzoq muddatli barqaror kelajakni o‘ylab qabul qilmoqdalar. Hozirgi paytda ko‘plab ish beruvchilar borgan sari nomzodlarning birinchi navbatda mustaqil ta’lim olish qobiliyati hamda o‘z ustida ishlay olish layoqatini ustuvor qo‘ygan holda, oliy ma’lumotining bor-yo‘qligiga kamroq e’tibor bermoqdalar. Shunga qaramasdan, universitetlar hali-hamon yoshlarning o‘z-o‘zini namoyon eta olishi uchun keng imkoniyatlar yaratadigan, yangi bilimlar va dunyoga chiqish eshiklarini ochib beradigan bir maydon bo‘lib qolmoqda.

Biz, yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan barqaror rivojlanish maqsadlariga tayangan holda, O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlari orasida yetakchi bo‘la oladigan Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etishga qaror qildik.

2030-yilga kelib biz universitetni barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida manfaatdor shaxslar bilan yaqin hamkorlikda yuqori sifatli ta’lim xizmatlarini ko‘rsatayotgan, tadqiqot ishlarini olib borayotgan va innovatsiyalar transferini amalga oshirayotgan raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar sohalarida Markaziy Osiyo mintaqasining yetakchi bilim maskanlaridan biri sifatida ko‘ramiz.

Universitetimizda joriy etilgan barcha dasturlar doirasida talabalarimizda nafaqat mamlakatimizda, balki butun jahonda talab yuqori bo‘lgan kompetensiyalar shakllantiriladi va rivojlantiriladi. Chunki biz yorqin kelajakka yo‘llanma beramiz!

Prof. Abduraupov Rustam Ramzovich

Prof. Abduraupov Rustam Ramzovich

Rektor, iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Rektor murojaati | UDEA | UDEA