
UDEA delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan amaliy tashrifi muvaffaqiyatli yakunlandi. Tashrif davomida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va qishloq xo‘jaligi sohasiga innovatsiyalarni jalb qilish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Tashrif doirasida Shinjon qishloq xo‘jaligi universiteti bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, “Agrobank” ATB vakillari hamrohligida dunyoning eng nufuzli agrar oliygohlaridan biri - Xitoy Qishloq Xo‘jaligi Universiteti (CAU) bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Ma’lumot o‘rnida, CAU xalqaro ARWU va U.S. News & World Report reytinglariga ko‘ra qishloq xo‘jaligi fanlari yo‘nalishida dunyoda yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Muzokaralar yakunida tomonlar quyidagi strategik tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldilar:
Memorandum imzolash: Joriy yilning may oyida Toshkent shahrida rasmiy hamkorlik hujjatini imzolash;
Tadqiqot markazi: UDEA bazasida CAUning ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish;
Qo‘shma dasturlar: O‘zaro tajriba almashish maqsadida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
Yozgi maktablar va almashinuv: UDEA talabalari uchun CAUda yozgi maktablar va talabalar almashinuvi dasturlarini joriy qilish;
Fermerlar malakasini oshirish: O‘zbekistonlik fermerlar uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish.
Ushbu hamkorlik UDEAnining nafaqat zamonaviy ta’lim maskani, balki mamlakat qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirishga xizmat qiluvchi yirik ilmiy-amaliy platforma sifatidagi mavqeyini yanada mustahkamlaydi.