UDEA

«Ma’rifat ulashib» loyihasi doirasida

     Bugungi kunda ma’rifat – jamiyat taraqqiyotining asosiy omili hisoblanadi. Ilmsiz taraqqiyot bo‘lmagani kabi, ma’rifatsiz yurtning kelajagi ham yorug‘ bo‘lmaydi. Shu bois, «Ma’rifat ulashib» loyihasi orqali biz jamiyatga ma’rifat nurini tarqatish, ilm va axloqni keng targ‘ib qilishni maqsad qilganmiz.

     Loyihaning asosiy g‘oyasi – bir-birimizga bilim ulashish, ma’naviy boylikni ko‘paytirish, yosh avlod ongida kitob o‘qish, mustaqil fikrlash va jamiyat oldida mas’uliyat hissini shakllantirishdir.

     Biz bilamiz:

🔹 Bir kitob yurakni yoritadi,

🔹 Bir so‘z taqdirni o‘zgartiradi,

🔹 Bir ma’rifat – butun avlodning kelajagini qurishi mumkin.

     Shuning uchun ham bu tashabbus nafaqat targ‘ibot, balki amaliyotga qaratilgan harakatdir. Har bir inson o‘z bilimi, tajribasi va yurakdan chiqqan so‘zi orqali boshqalarga ilhom bera oladi.

     Shu maqsadda Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti va universitetga biriktirilgan Boʼstonliq tumanida joylashgan 13 hamda 53- maktablarida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida adabiy uchrashuvlar  tashkil etildi. Bu uchrashuvlarda  yurtimizdagi taniqli shoirlar ishtirokida talabalar bilan davra suhbatilari o‘tkazildi. Tadbirlarda  taniqli shoiralar va adiblarimiz Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, shoira Kumush Abdusalomova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Doʻstlik ordeni sohibi Neʼmatov Zikrillo Xayriyevich, shoir, publitsist va tarjimon Amirqul Karim, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi shoira Xosiyat Bobomurodova, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo’minova, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Ashurali Boymurodovlar ishtirok etdilar.

    Ushbu ma’rifiy tadbirning asosiy maqsadi — yosh avlod ongida kitobga muhabbat, milliy va ma’naviy qadriyatlarga hurmat, badiiy so‘zga ehtiromni yuksaltirish, shuningdek, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.

    Тalabalar bilan samimiy suhbatlashib, ularga o‘z ijod yo‘li, ilhom manbalari hamda hayot haqidagi falsafiy qarashlarini bayon etdilar. Shoirlar o‘z she’rlaridan namuna o‘qib berdilar, talabalar va o‘quvchilar esa o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chatlar ekildi.

   Tadbir ishtirokchilari bu kabi uchrashuvlar ma’naviy olamni boyitish, ijodga qiziqish uyg‘otish va ma’rifatli jamiyat sari yana bir qadam tashlashda muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladilar.

     “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasidagi bunday uchrashuvlar universitetimizda izchil davom ettiriladi.

     Ma’rifat ulashaylik – kelajakni birgalikda qurish uchun!