UDEA

STUDENT FEST  – Yoshlar uchun ehtiros va iste’dod maydoni!

     Universitetimizning faol va iqtidorli talaba-yoshlari uchun an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan STUDENT FEST festivali doirasida joriy yil ham bir qator qiziqarli va rang-barang tadbirlar tashkil etildi. Mazkur festival talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish, ular o‘rtasida do‘stona muhit yaratish va iste’dodlarini namoyon etish uchun muhim platformaga aylandi.

Festival doirasida o‘tkazilgan asosiy tadbirlar quyidagilardan iborat bo‘ldi:

 «OSH CHEMPIONATI» – talabalar o‘rtasida milliy taomlarimizdan biri bo‘lgan palov tayyorlash bo‘yicha musobaqa. Unda ishtirokchilar nafaqat kulinar mahoratlarini, balki jamoaviy ishlash va mezbonlik an’analarini ham namoyon etdilar.

 «BOWLING TURNIRI» – sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va dam olish madaniyatini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan sport musobaqasi. Bu musobaqa orqali talabalar o‘rtasida yaxshi kayfiyat va sog‘lom raqobat muhiti yuzaga keldi.

 «MAFIA TURNIRI» – intellektual va strategiyaga asoslangan mashhur psixologik o‘yin. Unda qatnashchilar mulohaza yuritish, guruh bilan ishlash va qaror qabul qilish ko‘nikmalarini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 «TALANT SHOU» – talabalarning musiqiy, aktyorlik, raqs, tasviriy san’at va boshqa ijodiy iste’dodlarini ochish maqsadida tashkil etilgan katta sahna! Bu tanlovda ishtirok etgan har bir talabaning chiqishi festivalga alohida ruh bag‘ishladi.

 «TTJ KUBOGI» – futbol musobaqasi – talabalar turar joylari o‘rtasida o‘tkazilgan sport turniri. Bu musobaqa nafaqat sportni rivojlantirish, balki jamoaviylikni, hamjihatlikni va o‘zaro hurmatni mustahkamlashga xizmat qildi.

STUDENT FEST – bu shunchaki festival emas, balki talabalarning yoshligini, salohiyatini va faol hayot tarzini aks ettiruvchi bayramdir. Universitet rahbariyati va tashkilotchilar bunday tadbirlar orqali yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga intilmoqda.