
Bugun ekologiya — global muammo. Iqlim o‘zgarishi va chiqindilar, ona tabiatimizga berilayotgan og‘tiqli zarbalar insoniyat oldidagi ogohlik talabini kundan kunga oshirmoqda.
Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamkorligida talaba-yoshlar ishtirokidagi “Butunjahon tozalik kuni” munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda universitetimizning Professor o‘qituvchilari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi mas’ul xodimlari va faol talabalarimiz qatnashdilar.
Davra suhbatida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining Jamoatchilik ekologik nazoratini tashkil etish va murojaatlar bilan ishlash sho‘basi mudiri Ulug‘bek Pirmuxamedov so‘zga chiqib, «Butunjahon tozalik kuni»ning ahamiyati, bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa joylarda o‘tkazilayotgan ekoreydlar davomida aniqlanayotgan muammolar va huquqbuzarliklar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shu bilan birga, tabiatni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni shakllantirishda yoshlarning faol ishtiroki juda muhim ekanini alohida ta’kidladi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbir davomida talabalarimiz atrof-muhitni asrash, ekologik madaniyat va uni rivojlantirishga oid ko‘plab foydali ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldi, shuningdek ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘zlarining taklif-mulohazalari va tashabbuslarini bildirdilar.
Quvonarlisi, ko‘plab talabalar partiyaning “Ko‘ngilli yoshlar”i safiga qo‘shilish istaklari bor ekanini ma’lum qilishdi va mas’ul xodimlar tomonidan universitetimiz talaba yoshlarining ro‘yxati shakllantirildi. Tadbir yakunida esa faol ishtirok etgan talabalar partiyaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.