
1-oktyabr — “Ustozlar va murabbiylar kuni” bayrami doirasida universitetimizda qiziqarli va mazmunli tadbir o‘tkazildi. Mazkur intellektual bellashuvda ustozlar hamda talabalarimizdan iborat 10 ta jamoa o‘zaro bilim va zakovatlarini sinovdan o‘tkazishdi.
“Zakovat” — bu bilim va tafakkurni charxlash, mantiqiy fikrlashni rivojlantirish hamda jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan intellektual o‘yin bo‘lib, unda ishtirokchilar turli mavzulardagi qiziqarli va murakkab savollarga jamoa bo‘lib javob berishadi.
O‘yinda tarix, adabiyot, ilm-fan, texnologiyalar va umumiy dunyoqarashga oid savollar berilib, har bir savol ishtirokchilarni chuqur fikr yuritishga chorladi. Bellashuv davomida jamoalar o‘zining hamjihatligi, tezkor tafakkuri va bilimga chanqoqligi bilan ajralib turdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, universitetimizning fidoyi ustozlaridan tuzilgan “Ustozlar” jamoasi faxrli g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘lim boshlig‘i Gulnora Qodirovna shunday deya ta’kidladi:
“Insonning bilimi uni har qachon ulug‘ qiladi. Ushbu bilimlar bahsining birinchi uchrashuvida biz ustozlar g‘olib bo‘ldik. “Zakovat”ning keyingi bellashuvlarida barchangizga omad, doim mana shunday bilimga chanqoq bo‘lib qoling!”
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Ushbu intellektual o‘yin nafaqat bilimlarni sinash, balki ustoz va talabalar o‘rtasidagi samimiy do‘stona muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.