UDEA

Debat — fikrlar to‘qnashuvi, haqiqat porlashi!

Talabalar o‘rtasida erkin fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning nutq madaniyatini rivojlantirish, dolzarb ijtimoiy masalalar yuzasidan mustaqil va asosli fikr bildirishga rag‘batlantirish maqsadida 2025-yil 15-oktabr kuni “XXI asr — dangasalikning debochasidir!” mavzusida debat musobaqasi tashkil etildi.

Tadbir Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi. Debat musobaqasida turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar ishtirok etib, berilgan mavzu yuzasidan o‘z nuqtai nazarlarini himoya qildilar. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni ijtimoiy hayotdagi muhim masalalar yuzasidan chuqur o‘ylashga undash, tahliliy fikrlash salohiyatini kuchaytirish hamda ularni bahs-munozara madaniyatiga o‘rgatishdan iborat bo‘ldi.

Debat jarayonida ikki jamoa o‘z pozitsiyalarini aniq dalillar, faktlar va hayotiy misollar asosida himoya qildilar. “Muvaffaqiyatga intilayotgan zamonaviy yoshlar dangasa emas, balki raqamli dunyo talablariga moslashgan” degan fikr bilan “XXI asr yoshlarida qulayliklar dangasalikni kuchaytirayapti” degan qarashlar o‘rtasida jonli bahs-munozara kechdi. Ishtirokchilar o‘z nutqida ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri, texnologik rivojlanishning inson mehnatiga bo‘lgan munosabatini, yoshlarning motivatsiyasi va mas’uliyat hissini muhokama qilishdi.

Tadbir davomida talabalarda: tanqidiy va mantiqiy fikrlash, jamoaviy ishlash, dalillarga asoslangan nutq yuritish, muhokama madaniyatiga rioya qilish ko‘nikmalari shakllandi.

O‘tgan qiziqarli bahsdan so‘ng Inkor jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Debat yakunida hakamlar hay’ati tomonidan eng faol ishtirokchilar, eng yaxshi dalillar keltirgan jamoalar hamda faol tinglovchilar rag‘batlantirildi. Tadbir barcha ishtirokchilar uchun qiziqarli va bilim beruvchi tarzda o‘tdi.

Mazkur musobaqa yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, mustaqil fikrlash salohiyatini rivojlantirish, zamonaviy dunyoda uchrayotgan ijtimoiy muammolarga o‘z qarashlarini bildirishga rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.