UDEA

Tarix sahifalariga sayohat

Joriy yil 16 oktyabr kuni universitetning talabalari uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar doirasida Toshkent shahridagi “Toshkent muzeyi”ga ekskursiya tashkil etildi.

Ekskursiyaning maqsadi — talabalarda Vatan tarixiga, milliy qadriyatlarimizga va madaniy merosimizga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularda ma’naviy saviyani yuksaltirish hamda Toshkentning ko‘hna tarixi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Talabalar Adiblar xiyobonida joylashgan “Toshkent muzeyi”ga tashrif buyurib, muzeyning ekspozitsiyalari bilan tanishdilar. Ularda Toshkentning 2200 yillik tarixi, shaharning ilk manzilgohlari, arxeologik topilmalar, amaliy san’at va madaniyatga oid eksponatlar namoyish etildi. Birinchi qavatda “Toshkent – ilm-fan markazi”, “Toshkent – bag‘rikenglik shahri”, “Amaliy san’at. Kundalik hayot va madaniyat” deb nomlangan ekspozitsiyalar tashkil etilgan. Ikkinchi qavatda qadimiy ish qurollari, xo‘jalik buyumlari, qadamjolarning maketlari namoyishga qo‘yilgan.Eksponatlarga o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi matnlar bilan sharh berildi. Monitorlar, infokiosklar va boshqa texnologiyalar yordamida qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etildi.Ekskursiya davomida talabalarga muzey xodimlari tomonidan batafsil ma’lumot berildi, savol-javoblar tashkil etildi. Talabalar mamlakatimiz tarixi va madaniy merosini o‘rganish borasida o‘z bilimlarini yanada boyitdilar. Tadbir yuqori saviyada, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Tariximiz aks etgan mazkur maskan barcha yoshlarning xotirasida iliq taassurot qoldirdi.