UDEA

“Til — millat ko‘zgusi” shiori ostida talabalar bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi!

O‘zbekiston Respublikasida har yili 21-oktabr sanasi “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana o‘zbek tilining davlat tili sifatida maqom olganligining ramziy ifodasi bo‘lib, milliy qadriyatlarimiz, ona tilimizga bo‘lgan hurmat va ehtiromning yuksak namunasidir.

Shu munosabat bilan Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetida 2025-yil 21-oktabr kuni “Til — millat ko‘zgusi” shiori ostida talabalar o‘rtasida ommaviy diktant tadbiri tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlar o‘rtasida ona tiliga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash, imloviy savodxonlikni oshirish, hamda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yanada yuksaltirishdan iborat bo‘ldi.

Ommaviy diktantda universitet talabalari faol ishtirok etdilar. Tadbirni Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tashkil qildi. Diktant matni o‘zbek tilining go‘zalligi, ifoda imkoniyatlari va milliy qadriyatlarimiz aks etgan mazmundagi asarlardan tanlab olindi.

Ishtirokchilar adabiy til me’yorlariga amal qilgan holda yozma ishni bajarish jarayonida o‘z bilim va malakalarini sinovdan o‘tkazdilar. Diktant yakunida talabalar tomonidan yozilgan ishlar o‘qituvchilar tomonidan tahlil qilinib, imlo va uslub jihatidan baholandi. Eng yuqori natija ko‘rsatgan, to‘g‘ri va ravon yozgan talabalar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Tadbir davomida ona tilining jamiyat hayotidagi o‘rni, uning boy tarixiy ildizlari va mustaqil davlat sifatidagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi. O‘qituvchilar va talabalar o‘z fikrlarida o‘zbek tilini asrab-avaylash, uni rivojlantirish va yoshlar ongida milliy g‘urur tuyg‘usini shakllantirish zarurligini ta’kidladilar.

O‘tkazilgan ommaviy diktant nafaqat talabalarning imlo savodxonligini aniqlash, balki ularni ona tilimizning nozik jihatlarini chuqurroq anglashga, to‘g‘ri yozish va so‘zlash madaniyatini shakllantirishga xizmat qildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zbek tilining buyuk imkoniyatlari, ifoda go‘zalligi va ma’naviy kuchini yana bir bor his etdilar.

Mazkur ommaviy diktant yoshlar qalbida ona tiliga muhabbat, milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, hamda “Tilga e’tibor — elga e’tibor” g‘oyasini hayotga tatbiq etishga xizmat qilgan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Adiblar xiyobonida Oʻzbekiston xalq shoiri, “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni sohibi, oʻzbek shoiri, tarjimoni va jamoat arbobi Abdulla Oripov haykali poyida talabalarimiz bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.