
Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti yangi qabul qilingan talabalarini quchoq ochib kutib oldi. Ular uchun an’anaviy “Tanishtiruv haftaligi – 2025” tashkil etildi. Ushbu haftalik universitetimizning 1-bosqichiga qabul qilingan yoshlarning oliy ta’limdagi ilk qadami, ularni kutayotgan yangi imkoniyatlar, do‘stona muhit va zamonaviy sharoitlar bilan tanishtirishga bag‘ishlandi.
Bu ochiq tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining yangrashi, shuningdek, universitet rektori, Professor R.R. Abduraupovning iliq nutqi bilan boshlandi. Rektorimiz o‘z murojaatida universitet qadriyatlari, sifatli ta’lim va yuksak madaniyatni rivojlantirish borasidagi maqsadlarini alohida ta’kidladi. Fakultet dekanlari ham so‘z olib, yoshlarni ilmiy izlanish, tashabbuskorlik va ijodkorlik ruhida o‘qishga chorladilar. Barcha ustozlar universitet talabalariga boshlanayotgan o‘quv yili uchun omad va muvaffaqiyatlar tiladilar.
Dastlabki kunlarda talabalar talabalar uchun universitet binosiga sayohat tashkil qilinib universitetda yaratilgan sharoitlar tanishtirildi. Axborot resurs markazi, oshxona, tibbiy xizmat xonalari, fakultet dekanatlari hamda boshqa bo‘limlar faoliyati haqida ma’lumot berildi. Volontyor talabalar yangi kursdoshlarini do‘stona kutib olib, ularning universitetga tezroq moslashib ketishlariga ko‘maklashdilar.
Keyingi kunlarda talabalar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha treninglar, ID karta va elektron tizimlardan foydalanish qoidalari, imtihon jarayonlari haqida ma’ruzalar o‘tkazildi. Fanlarni oʻzlashtirishda samarali usullar, vaqtni toʻgʻri rejalashtirish va adabiyotlardan, manbalardan unumli foydalanish boʻyicha tavsiyalar berildi.
“Tanishtiruv haftaligi”ni qiziqarli o‘tkazish maqsadida talabalar o‘rtasida turli o‘yinlar, konkurslar, guruh mashg‘ulotlari tashkil etilib, do‘stona muhit shakllantirildi. Tajribali talabalar o‘z bilim va taassurotlarini yangi kursdoshlari bilan baham ko‘rishdi. Tadbirlar yakunida ommaviy raqs va san’atkorlar chiqishlari esa talabalar hayotida unutilmas taassurot qoldirdi.
Shunday qilib, “Tanishtiruv haftaligi – 2025” nafaqat birinchi bosqich talabalari uchun bilim dargohiga dastlabki qadam, balki ularning qalbida universitetga mehr, ustozlarga cheksiz hurmat, ilmga havas va do‘stlik rishtalarini mustahkamlovchi jarayonga aylandi desak also mubolag‘a bo‘lmaydi. Endi universitetimizning yangi avlodi bilim va izlanishlarga to‘la yo‘l sari ilmga chanqoq shijoat bilan qadam qo‘ymoqda.