
Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti talabalari, ota-onalar hamda professor-o‘qituvchilarni giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan ogohlikka chaqirishga qaratilgan
MUROJAAT
Qadrli talaba-yoshlarimiz, hurmatli ota-onalar va muhtaram ustoz-murabbiylar!
Avvalo, barchangizga chuqur hurmat va ehtirom ila murojaat qilaman. Farzand — oilaning quvonchi, faxri, millatning ko‘zgusi, kelajagi, jamiyatning eng bebaho boyligidir. Shu bois ota-onalar farzandlari uchun kecha-yu kunduz g‘amxo‘rlik qiladi, ustozlar ilm beradi, biz oliy ta’lim tashkiloti ham yoshlarning to‘laqonli kamoloti uchun mas’uliyat bilan xizmat qilamiz.
Aziz talabalar!
Bugungi murakkab zamon sizlardan qat’iyat, mustahkam iroda va hushyorlikni talab etadi. Global xavf-xatarlar fonida, ayniqsa, giyohvandlik va unga aloqador jinoyatlar yoshlar hayotiga jiddiy tahdid solayotganini hammamiz yaxshi bilamiz. Bu illat “bir marta hech narsa bo‘lmaydi”, “do‘stlar taklif qildi”, “shunchaki sinab ko‘raman”, “o‘zimni nazorat qila olaman” kabi o‘y-xayollar, aldovlar ortiga yashirinib, insonni asta-sekin hayot yo‘lidan adashtiradi, tiniq fikrlash, tafakkur qilish layoqatidan mahrum etadi, alaloqibat hayotini butunlay izdan chiqaradi.
Sizlardan o‘tinchim, doimo ogoh bo‘ling, ongli bo‘ling, yon-atrofingizga, o‘zingizga e’tiborli bo‘ling. Bir lahzalik hayajon, karaxtliknimi yoki begona, notanish hissiyotnimi deb kelajagingizdan voz kechmang, uni barbod qilmang, o‘z oyog‘ingizga o‘zingiz bolta urmang. Sizning sog‘ligingiz, sha’ningiz va orzu-umidlaringiz oilangiz uchun ham, Vatan uchun ham nihoyatda qadrli ekanligini aslo unutmang.
Hurmatli ota-onalar!
Farzandlarimiz tarbiyasi uy, maktab, oliy ta’lim muassasasi va jamiyatning birgalikdagi mas’uliyatidir. Ular bilan dildan suhbatlashing, ularga quloq tuting, fikrlari va kechinmalariga befarq bo‘lmang. Mehr, diqqat-e’tibor va ishonch yoshlarni har qanday yomon yo‘ldan asraydigan eng mustahkam qalqondir.
Axborot oqimi keskin kuchaygan bugungi davrda farzandlarni giyohvandlik balosidan ogoh etish har birimizning eng dolzarb vazifamiz, kerak bo‘lsa, burchimizdir.
Mo‘tabar ustozlar!
Sizlarning jamiyat oldidagi xizmatlaringiz, shak-shubhasiz, beqiyos. Har bir dars, har bir uchrashuv nafaqat bilim, balki hayotiy saboq bo‘lishi lozim. Talabalar bilan yaqin muloqotda bo‘lish, ularning kayfiyati va muammolarini seza bilish, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish bugungi kunning qizil chizig‘iga aylanishi lozim. Bir izoh, bir maslahat, bir ko‘mak, o‘z vaqtida uzatilgan bir qo‘l qaysidir bir insonning taqdirini yaxshi tomonga o‘zgartirishi mumkin.
Azizlar!
Bugun biz bir g‘oya, bir maqsad yo‘lida birlashishimiz zarur, yoshlarimizni turli illatlardan himoya qilish, ularning sog‘lom, bilimli va vatanparvar bo‘lib voyaga yetishlarida bor kuchimizni ayamasligimiz shart. Narkojinoyatlarga qarshi kurash faqatgina huquq-tartibot idoralarining emas, balki butun jamiyatning, har birimizning gardanimizdagi mas’uliyat ekanligini unutmaylik. Har qanday targ‘ibotga, har qanday yomon ta’sirga murosasiz bo‘laylik. Ogohlik – davr talabi.
Unutmang! Yurtimizning ertangi kuni — bizning bugungi hushyorligimiz, birdamligimiz va mas’uliyatimizga bog‘liq.
Abduraupov Rustam Ramzovich
Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti rektori, professor