UDEA

UDEA talabasi Aziza Ziyayeva – tashabbuskorligi va yutuqlari bilan universitet faxri

UDEA talabasi Aziza Ziyayeva o‘qishdagi yutuqlari, ijtimoiy faolligi va “Zulfiya” davlat mukofoti tanlovidagi muvaffaqiyatlari bilan universitet sha’nini yuksaltirib kelmoqda. Mazkur maqola uning mehnati, tashabbusi va erishayotgan natijalari haqida.

Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti (UDEA) o‘zining iqtidorli, maqsadli va faol talabalarini qadrlaydi. Shunday yoshlarimizdan biri — Aziza Ziyayeva, bugungi kunga qadar o‘qishda, jamoat ishlarida va turli tanlovlarda erishgan yutuqlari bilan universitetimiz sha’nini munosib himoya qilib kelayotgan talabamizdir.

Aziza yuksak bilim va salohiyat egasidir. U o‘zining chuqur bilimga intilishi, izlanishdan to‘xtamasligi va yangilikka ochiqligi bilan ajralib turadi. U talabalar orasida nafaqat o‘zining akademik muvaffaqiyatlari, balki,tashabbuskorligi,ijodkorligi,yetakchilik qobiliyatlari,ijtimoiy faolligi bilan ham e’tirofga sazovor bo‘lgan. Bugungi kunda Aziza universitetdagi eng faol, irodali va maqsad sari qat’iyat bilan intiladigan yoshlar safida munosib o‘rin egallaydi.

“Zulfiya” davlat mukofoti sari ishonchli qadamlar:

Aziza Ziyayeva ishtirok etayotgan “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti ko‘rik-tanlovining tuman va shahar bosqichlarida yuqori natijalarga erishib, o‘zining salohiyati va iqtidorini yana bir bor namoyish etdi. Ushbu nufuzli tanlovda yuqori ko‘rsatkichlarga erishish — yoshlarning yetuk fikrlashi,mas’uliyatli bo‘lishi,o‘z ustida tinimsiz ishlashi kabi sifatlarning yorqin dalilidir. Aziza aynan mana shu fazilatlari bilan tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelmoqda.

O‘qishdagi muvaffaqiyatlari bilan birga, Aziza turli ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy loyihalarda ham faol ishtirok etadi. Universitetda o‘tkaziladigan tadbirlar, davra suhbatlari, volontyorlik ishlari va yoshlar tashabbuslari orasida uning nomi ko‘pincha ilg‘or qatorda tilga olinadi.

Uning har bir natijasi — mehnat, tirishqoqlik va qat’iyat mahsuli bo‘lib, jamoadagi faoliyati orqali universitet obro‘sini oshirib kelmoqda.

UDEA jamoasi nomidan tabrik va tilaklar

Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti jamoasi iste’dodli talabamiz Aziza Ziyayevani erishgan yutuqlari bilan chin dildan tabriklaydi.

Uning “Zulfiya” mukofotining keyingi bosqichlarida ham yanada yuqori marralarni zabt etishiga ishonamiz.

Aziza,biz Siz bilan faxrlanamiz! Omad, zafarlar va kelgusidagi faoliyatingizda yorqin muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!