
Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti jamoasi yosh avlodning mutolaa madaniyatini yuksaltirish hamda maktab bitiruvchilarini kasbga yo‘naltirish maqsadida Bo‘stonliq tumanidagi 53-sonli umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif “Qishloqqa kitob karvoni” loyihasi doirasida tashkil etilib, ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qildi.
Loyiha doirasida universitet homiylari tomonidan taqdim etilgan 100 dan ortiq badiiy, ilmiy va ommabop adabiyotlar maktab kutubxonasiga sovg‘a qilindi. Ushbu kitoblar o‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Tashrif davomida yuqori sinf o‘quvchilari bilan ochiq muloqot tashkil etilib, universitetdagi zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari, kirish imtihonlari hamda talabalar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida maktab jamoasi tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirib, bunday ma’rifiy tashabbuslar yoshlar uchun katta motivatsiya bo‘layotganini ta’kidladi.
Universitet tomonidan ushbu kabi ma’rifiy va xayriya loyihalarini kelgusida ham davom ettirish rejalashtirilgan.




