
Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetida Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Farhod Akramov hamda Ma’naviyat bo‘limi xodimlari ishtirokida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Muloqot davomida talabalarning fikr va takliflari tinglanib, ularni qiynayotgan masalalar hamda mavjud muammolar muhokama qilindi. Shuningdek, bugungi kunda yoshlar hayoti va kelajagiga xavf solayotgan zararli illatlar, ularning salbiy oqibatlari hamda bunday tahdidlardan ogoh bo‘lish zarurligi yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, noyabr oyida mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida talaba-yoshlar o‘rtasida kibermadaniyatni shakllantirish, internetdan oqilona va xavfsiz foydalanish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish hamda kiberxavfsizlik qoidalariga rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Suhbat davomida universitet tomonidan talabalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim olish, o‘z salohiyatini namoyon etish va har tomonlama rivojlanish uchun mavjud sharoitlar haqida ham ma’lumot berildi. Talabalar ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirildi.
Ochiq muloqot talabalarning muammolarini o‘rganish, ularning ma’naviy-ma’rifiy savodxonligi va kibermadaniyatini yuksaltirish hamda yoshlar uchun yanada qulay muhit yaratishga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘ldi.




