
Ayni kunlarda Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti (UDEA) delegatsiyasi Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — China Agricultural University (CAU) tomonidan tashkil etilgan xalqaro akademik almashinuv dasturida ishtirok etmoqda.
13–19-sentabr kunlariga mo‘ljallangan yetti kunlik intensiv dastur O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda zamonaviy qishloq xo‘jaligi va agrobiznes sohalarida bilim va tajriba almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan.
Dastur doirasida ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi va agrobiznesning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy bilimlar hamda amaliy tajribalar bilan tanishadilar. Xususan, quyidagi mavzular qamrab olingan:
qishloq hududlarini rivojlantirish siyosati va Xitoy tajribasi;
agrosanoat tizimini transformatsiya qilish va barqaror rivojlanish;
agrobiznesni rivojlantirish va qo‘shilgan qiymat zanjirini modernizatsiyalash;
raqamli qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar va ularning amaliyotga tatbiqi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Xitoyning qishloq xo‘jaligi, agrobiznes va raqamli texnologiyalar sohalaridagi ilg‘or tajribalari bilan yaqindan tanishib, xalqaro ekspertlar va hamkasblar bilan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Akademik dastur bilan bir qatorda, ishtirokchilar Buyuk Xitoy devori kabi tarixiy va madaniy obidalarga ham tashrif buyurib, Xitoyning boy tarixi va madaniy merosi bilan tanishadilar.
Mazkur xalqaro akademik tashrif UDEAning xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va zamonaviy bilimlarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.




