
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har payshanba kuni yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Shu munosabat bilan Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti talabalari hamda Agrobank rahbariyati ishtirokida navbatdagi “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuv mehmoni sifatida Farhod Nasriyev — “Agrobank” ATB boshqaruv raisi o‘rinbosari ishtirok etdi.
Davra suhbati samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Shuningdek, ishga joylashish, amaliyot o‘tash hamda kasbiy rivojlanish yo‘nalishlarida foydali tavsiyalar berildi. Uchrashuv davomida talabalar o‘z taklif va g‘oyalari bilan faol qatnashdilar. Bildirilgan tashabbuslar tinglanib, ular yuzasidan fikr almashildi hamda amaliy maslahatlar berildi.
Shuningdek, Agrobank va UDEA hamkorligida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Mazkur uchrashuv talaba-yoshlar uchun yangi imkoniyatlar bilan tanishish, tajriba almashish, o‘z g‘oyalarini ilgari surish hamda kelajak faoliyatini rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.











