
Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetida talaba-yoshlar ishtirokida “Milliy qadriyatlar va ularning millat ma’naviyatidagi o‘rni” hamda “Men diniy ekstremizm va terrorizm tahdidini qanday tushunaman” mavzularida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini anglash, shuningdek, diniy ekstremizm va terrorizm kabi xavfli illatlarning oldini olishga qaratildi.
Davra suhbatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi Yakkasaroy tumani bosh mutaxassisi Odil Xolikov so‘zga chiqib, yoshlar o‘rtasida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda milliy an’analarga hurmatni kuchaytirish muhim vazifa ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Shuxrat Masaliev diniy ekstremizm va terrorizmning mohiyati haqida so‘z yuritib, ushbu illatlarning jamiyat barqarorligi, inson hayoti va tinchligiga jiddiy tahdid soluvchi xavfli g‘oyalar ekanini qayd etdi.
Tadbir davomida yoshlarning bunday yot g‘oyalarga nisbatan ongli immunitetga ega bo‘lishi, shuningdek, turli shubhali axborot va chaqiriqlarga tanqidiy yondashishi zarurligi alohida ta’kidlandi.







