
Bugun Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetida yangi — 2026/2027-o‘quv yili boshlandi. Yangi o‘quv yili universitet jamoasi va talabalar uchun yangi maqsadlar, muhim rejalar hamda katta imkoniyatlar bilan boshlandi.
Coventry University dasturi bo‘yicha 1-bosqichga qabul qilingan talabalar uchun Tanishtiruv haftaligiga start berildi. Universitetning yangi talabalari iliq kutib olinib, dastlabki kun davomida ularga universitet hayoti, ta’lim jarayoni va mavjud imkoniyatlar haqida zarur ma’lumotlar berildi.
Shu munosabat bilan Faollar zalida universitet rahbariyati va 1-bosqich talabalari ishtirokida tanishtiruv uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvda UDEA rektori, professor Rustam Ramzovich yangi o‘quv yilining ustuvor yo‘nalishlari, belgilangan maqsadlar va oldinda turgan muhim vazifalar haqida so‘z yuritdi. Talabalarga boshlayotgan to‘rt yillik ta’lim yo‘lida omad, kuch-g‘ayrat va ulkan muvaffaqiyatlar tilandi.
Shuningdek, O‘quv ishlari va xalqaro aloqalar bo‘yicha birinchi prorektor Dr. Sherzod Ravshanbekovich Aktamov, Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Dr. Farxod Artikbayevich Akramov hamda universitetning boshqa mas’ul xodimlari tomonidan talabalarga ta’lim jarayoni, universitetda yaratilgan imkoniyatlar va muhim tashkiliy masalalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Ta’kidlash joizki, ortda qolgan to‘rt yil universitet uchun o‘sish, rivojlanish, izlanish va katta tajriba davri bo‘ldi. Bu davr mobaynida universitet jamoasi birgalikda ko‘plab yutuqlarga erishib, muhim tajribalarni qo‘lga kiritdi va rivojlanish yo‘lida salmoqli qadamlar tashladi.
Biroq erishilgan natijalar — yakun emas, balki yangi marralar sari navbatdagi qadamdir. Oldinda universitet jamoasini yanada katta, mashaqqatli va mas’uliyatli vazifalar, yangi maqsadlar hamda yangi g‘alabalar kutmoqda.
Talabalik hayotiga endigina qadam qo‘ygan 1-bosqich talabalariga esa to‘rt yillik “oltin davr” davomida mustahkam iroda, cheksiz ilhom, kuch-g‘ayrat va ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Xush kelibsiz, UDEAning yangi avlodi!








